Skip to content
Javlon's Blog
Ortga qaytish

Yo'q deya olish san'ati

Ko’pincha biz qo’limizdan kelgancha odamlarga yordam berishga intilamiz. Ba’zida manfaat ko’zlab ba’zida esa shunchaki savob uchun (bu ham balki manfaatdir). Lekin yordam berish istagi va o’z chegaralarimizni poymol qilish o’rtasida nozik chegara bor.

Ko’chada odamlar yordam so’rab pul so’rasa (yo’l haqqim qolmadi, qornim och, hokazo vajlar) avvallari darrov yordam berardim, hozir esa “yo’q”. Sababi men bergan pulga to’g’ri borib “shayton siydigi”ni sotib oladiganlar, sadaqani kasb qilganlar va boshqalar ko’paygan hozir. Pul-ku topilar lekin meni aldagani g’azabimni keltiradi. Ularning kasridan haqiqiy muhtoj insonlarga yordam berolmasligimiz achinarli.

Aslida hayotda xuddi shunday aktyorlik mahoratiga ega insonlar talaygina. Qanday ishda ishlashingizga, qanday kiyinishingizga qarab muomala qiladigan,ko’rsa ham ko’rmaganga olib ketadigan lekin ishi tushsa “xameleon” kabi o’zgaradigan insonlar bor.

Faqatgina ishini bitirish uchun manfaat yo’lida sizdan foydalanib, boshqa payt miyig’ida kuladigan insonlarga qimmatli vaqtimizni sarflash arziydimi?

Vaqtimiz, sharoitimiz, imkonimiz bo’lmasa ham “yo’q” deyolmaymiz va bu ko’p hollarda o’z zararimizga ishlaydi.

Har bir “ha” deganingiz, o’zingizning qaysidir rejangizga “yo’q” deganingizdir.

Odamdan yaxshilik, xotira qoladi. Lekin shu qisqa tajribalarim davomida shularni angladimki:

Ilmni - izlaganga berish, yaxshilikni qadrlaganga qilish kerak ekan.

Obuna Bo'ling

Yangi maqolalar va qisqa qaydlarni @javlonergashev_blog telegram kanalida kuzatib boring.


Ulashish:

Oldingi post
SI
Keyingi post
Takrorlanmas kombinatsiyalar